BUXORO SUG’DI ARXEOLOGIK EKSPEDISIYASI

Burquttepa

Karmana hududida joylashgan eng qadimgi yodgorliklaridan biri bu Burquttepa yodgorligi hisoblanadi. Ushbu yodgorlik to‘g‘risidagi birinchi qisqacha maʼlumot 1934 yilda o‘tkazilgan Zarafshon ekspeditsiyasining boshlig‘i A.Yu. Yakubovskiy tomonidan qoldirilgan. Uning yozishicha, yodgorlik ark (ko‘handiz), shahriston va raboddan iborat bo‘lgan.
1986 yilda tadqiqotchilar tomonidan yodgorlikni sxematik plani tuzilgan va uning ustidan terib olingan arxeologik topilmalarga asosan Burquttepada eramizdan avvalgi III-II asrlardan o‘rta asrlargacha hayot bo‘lganligi taxmin qilingan. 1999-2001 yillarda olib borilgan dastlabki arxeologik tadqiqotlar natijasida eramizdan avvalgi IV-III asrlariga tegishli arxeologik topilmalar bilan birga yerto‘laga o‘xshash uy-joyning qoldig‘i topilgan.
2023 yilda Burquttepa yodgorligi arkida, shahriston hududida va rabod qismi hududini aniqlash maqsadida arkdan 20 metr janub va sharqiy tomonlarida bir nechta shurflarda qazishma ishlari olib borildi. Shurflar orqali ochib o‘rganilgan qatlamlardan turli davrlarga oid kulollik idish

bo‘laklari qayd qilinib, bu yerdagi meʼmoriy inshootlar qoldiqlari aralash holatda ekanligi aniqlandi. Ushbu maʼlumotlardan ko‘rinib turibdiki, Karmana shahri hududida so‘nggi o‘rta asrlardan boshlab olib borilgan qurilish ishlari davomida rabod qismi to‘liq o‘zlashtirilgan.
Yodgorlik arkida 20×15 metr maydonda olib borilgan qazish ishlari davomida arkning sharqi va shimoliy mudofaa devorlar hamda ilk o‘rta asrlarga oid saroy o‘rni qoldiqlari ochildi.
Yodgorlik shahristonining janubiy tomonida15x10 metr maydonda olib borilgan qazish ishlari natijasida bu yerdagi yuqori qatlamlarda XIII-XVI asrlarga oid qabrlar, XI-XII asrlarga tegishli badrab va chiqindi o‘ralari hamda quyi qatlamlarda ilk o‘rta asrlarga taalluqli xom g‘ishtdan terilgan devor qoldiqlari ochib o‘rganildi. Qazuv natijalariga ko‘ra, ark bilan shahriston bir davrda paydo bo‘lganligini ko‘rsatuvchi maʼlumotlar qo‘lga kiritildi.

Raximov K., Saidov M., Xolmatov A.

Qozixona

Buxoro amirligining markaziy qozixonasi Buxoroning eski shaxar qismi sharq-g‘arb yo‘nalishi bo‘yicha cho‘zilib, hozirgi kunda Abdullabekov tor ko‘chasi, 12 uyda joylashgan va shimoliy tomondan sinch (cho‘pkori) devor bilan o‘ralgan. Yodgorlikda dastlabki qazuv ishlari 2022 yilda boshlangan bo‘lib, qazuv ishlari davomida 16 ta xona qayd etildi. Inshootning butun shimoliy qanotiga oid binolarining katta kismi va qisman yukori gorizont bo‘ylab, Qozixona binolarining g‘arbiy va janubiy qanotlari ochildi. Sharqiy hovli qismining mehmonxona, ayvonning keng sufasi va janubi-g‘arbiy hovli bo‘linmasi ichkariga tegishli Qozikalonning shaxsiy oilaviy xonalari rejasi aniqlandi.
2023 yilda arxeologik tadqiqotlar davom ettirilib, ushbu mavsumning asosiy natijalari sifatida qozixonaning g‘arbiy qismida mavjud yer to‘lalarning uchta bo‘linmasi va unga tushadigan zinapoyani keltirish mumkin. Katta ehtimol bilan aytish mumkinki, yodgorlikning sharqiy qismidagi yer to‘lalar ustida ayvonlar bo‘lgan. Yer to‘lalar pishiq g‘ishtdan qurilgan va qisman ohakli qorishma bilan suvalgan.
Qozixona hovli bo‘linmasining janubiy va g‘arbiy ma’muriy qismida manbalarga ko‘ra, tergov qilinayotgan mahbuslar (hali hukm o‘qilmagan) saqlangan.

Qayd etish lozimki, aksariyat xonalar butun shimoliy tashqi devor chizig‘i bo‘ylab ketma-ket cho‘zilgan, derazalari janubiy hovliga ochilib, Buxoro uylarining anʼanaviy qishki qurilish tizimiga mansub. Yaʼni, hovlida xonalarning janubga qaragan fasadlarining bunday joylashishi sovuq qish davrida xonalar ichiga tabiiy quyosh nuri va yorug‘likni maksimal darajada kirishini taʼminlaydi.
Shu bilan birga, buxoroliklarning yozgi uylarining anʼanaviy xususiyati, xonalar fasadlarining shimolga, shimoliy salqin shamollar tomon joylashish bo‘lgan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlaridan himoya qilishni ham taʼminlagan.

Mirzaaxmedov J.K., Mirzaaxmedov S.

PLAN M 1:100

Karmana hududida olib borilgan qidiruv ishlari

Karmana hududi arxeologik yodgorliklarini o‘rganish o‘tgan asrning birinchi yarmidan boshlangan bo‘lib, bu boradagi tadqiqotlar 1934 yilda Zarafshon ekspeditsiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Xususan, izlanishlar davomida Qiyaqo‘rg‘on, Dingak, Burquttepa va boshqa bir qator yodgorliklar ro‘yxatga olinadi. Keyinchalik, bu boradagi izlanishlar O‘zR FA Arxeologiya institutining 1980 yildagi Buxoro otryadi va 1986 yildagi Navoiy otryadi tomonidan amalga oshiriladi. Xususan, 1986 yilda Yu.P. Manilov tomonidan olib borilgan izlanishlar davomida 28 ta yodgorlik ro‘yxatga olingan. Ushbu ro‘yxat asosida 2018-2019 yildagi mahalliy inspeksiya tomonidan xatlov o‘tkazilib, ushbu маълумотлар 04.10.2019 yildagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 846-son qaroriga kiritiladi.
2022-2023 yillardagi xatlov jarayonida Yu.P. Manilovning 1986 yildagi hisoboti va 846-son qarorida keltirilgan 28 ta yodgorlikning maʼlmotlari va joylashuv to‘g‘risidagi maʼlumotlari ko‘pgina holatda bir-biriga to‘g‘ri kelmasligi qayd etildi.


Kuzatuv qidiruv ishlari davomida Yu.P. Manilov tomonidan aniqlangan va topografik xaritalari keltirilgan ro‘yxat asosidagi barcha yodgorliklar va yangi aniqlangan obyektlar o‘rni va koordinatalari aniq shakllantirildi va tuman arxeologik xaritasi yaratildi. Natijada, ilgari ro‘yxatda bo‘lgan 28 ta yodgorlik bilan birga qo‘shimcha 23 ta arxeologik yodgorlik o‘rni aniqlandi. Ularning topoplanlari chizildi, tavsiflandi va ro‘yxatga olindi. Tumanning janubiy qismi hududida esa ilgari nomaʼlum bo‘lgan qoyatosh suratlari va tosh davri topilma joylari qayd etildi.
Ayni vaqtda 1970-1980 yillarda buzilib ketgan 2 ta yodgorlik o‘rni GIS tizimi yordamida qayd etildi.

Saidov M., Xolmatov A., Rahimov K.

Poykend

Buxorodan 50 km janubi-g‘arbda Zarafshon daryosining quyi oqimida joylashgan Poykend shaxri bir vaqtlar vohaning yirik shahar markazlaridan biri bo‘lgan. Poykend Ark, ikkita shahariston va raboddan iborat.
Arxeologik tadqiqotlar natijalari shuni ko‘rsatdiki, u dastlab aholi punkti, so‘ngra qal’a sifatida miloddan avvalgi IV asr oxirida paydo bo‘lgan. Bu davrda Poykend Sug‘dning g‘arbiy tomonida Eron bilan chegaradagi harbiy va savdo punkti, shuningdek janubiy mamlakatlarni(Baqtriya, Hindiston, Eron) va shimol mamlakatlari bilan (Ural, Volga bo‘yi, Shimoliy Kavkaz) bog‘lovchi savdo yo‘lidagi chorraha sifatida qulay strategik mavqeni egallagan.
Yodgorlikda qazuv ishlari o‘tgan asrning 80-yillaridan boshlab Samarqand arxeologiya instituti va Rossiyaning Ermitaj muzeyi bilan hamkorlikda olib borilmoqda.
2023 yilgi tadqiqotlar mavsumida asosiy ish arkda olib borildi. Arkning shimolida milloddan oldingi birinchi asrlar va milodiy birinchi asrlarga oid inshootlar va qatlamlar aniqlangan. Topilmalardan— sopol buyumlar,temirdan yasalgan akinak, o‘q uchlari, naqshli bronza qoshiq va ayol siymosi ko‘rinishida yasalgan terrakota topildi. Shunday qilib, ilk o‘rta asrlar davriga oid Poykend monumental qo‘rg‘oni oldidan antik
davr qal’asi bo‘lgan, deb aytish mumkin.
Janubi-sharqiy va markaziy sektorlarda olib borilgan
tadqiqotlar natijasida olov ibodatxonasiga oid qurilmalar topilgani taxmin qilinmoqda. Izlanishlar natijasida uzunligi 13,7 m bo‘lgan katta zal yoki hovli atrofida supalar topilgan. III-IV asrlarda u qo‘shni ibodatxonadan pastda joylashgan, shuning uchun unga shimol tomondan 12 pog‘onali, kengligi 3,4 m zinapoya va pandus tushgan.
Qo‘shni”devoriy suratli koridor” da keyingi qurilish davrida «kann» tipidagi isitish tizimi ochildi. Asbar tangalari va So‘g‘dda birinchi marta qazishmalarda ArdashirI Kushonshohning mis tangasi, shuningdek, turli buyumlar kolleksiyasi aniqlanib, ular orasida xanjarlar, nayza va o‘q uchlari, kamon qismlari, zirh plitalari, temir bilaguzuklar, halqalar va ibodatxona idishlari qayd etildi. Noyob topilmalardan biri balandligi 33 sm bo‘lgan temir isiriqdon o‘ziga xosdir.

Romitan qo‘rg‘oni

2023 yilda O‘zbekiston– Fransiya (Luvr) xalqaro arxeologik ekspedisiya tomonidan Buxoro vohasining yirik shahar yodgorliklaridan biri Romitan qo‘rg‘onida ikkita ob’yektda arxeologik qazishmalar olib borildi.
Birinchi ob’yekt Romitan qo‘rg‘onda markazidagi arkning janub tomonida VI -VII asrlarda faoliyat ko‘rsatgan, shaharning yuqori mansabli amaldoriga yoki hukmdor oilasiga tegishli bo‘lgan yirik, mahobatli turar-joy majmuasida olib borildi. Hozirgacha majmuaning ikkita xonasi va bitta koridorning bir qismi ochib o‘rganildi. Xonalar boy yoki hukmron doiralar oilalariga tegishli bo‘lganligi uchun maxsus tayyorlangan tarx asosida bunyod etilgan. Xonalar devorlarida juda kam miqdorda ganch bilan suvalgan devorga tushirilgan suratlar parchalari ham uchraydi. Lekin ularning parchalarida umumiy kompozisiyani tasavvur qilish imkoni yo‘q.
Ikkinchi ob’yekt esa arkning janub tomonida joylashgan shahriston hududida olib borildi. Qazishma maydonining hajmi 10×10 m, chuqurligi 45-60 sm ni tashkil etadi.


Olib borilayotgan arxeologik qazishmalarda Romitan qo‘rg‘oni shahristonida yashagan aholining turar-joylari o‘rganilmoqda. Qazishma ishlar natijasida hozircha uchta xonaning qismlari o‘rganildi. Xonalarda xo‘jalik o‘ralari ham mavjud bo‘lib, qazishma qatlamlari va o‘ralardan somoniylar va qoraxoniylar davriga oid sopol buyumlar qayd etildi.
Raimqulov A.

Buxoro shahristoni (O‘zbekiston–Fransiya)

Buxoro shahrining eski shahar qismida, Minorai Kalon va unga tutash bo‘lgan Kalon masjididan shimol tomondagi maydon Buxoro shahrining Shahriston hududiga kirib, 2018 yildan boshlab bu yerda Smarqand arxeologiya instituti tomonidan dastlabki tadqiqotlar boshlangan. 2019 yildan tadqiqotlarga Luvr muzeyi (O‘zbekiston-Fransiya qo‘shma ekspedisiyasi), 2020 yildan Nyu York universiteti (O‘zbekiston-AQSH qo‘shma ekspedisiyasi) bilan tuzilgan halqaro qo‘shma ekspedisiyalar jalb qilingan. Tadqiqotning asosiy maqsadi shahristonining tarixiy topografiyasi, shahar aholisining turar-joylari xususiyati va o‘rta asrlar davri moddiy madaniyatini o‘rganish hisoblanadi. 2023 yilda O‘zbekiston-Fransiya qo‘shma ekspedisiyasi tomonidan tadqiqot ishi davom ettirilib, olib borilgan arxeologik qazishmalar jarayonida o‘rta asrlarga oid turar-joylarning bir qismi ochib o‘rganildi. Turar-joy xonadonlarining barcha devorlari to‘g‘ri to‘rtburchakli, o‘lchamlari 44-43×24-23×10 -9 sm bo‘lgan xom g‘ishtlardan bunyod etilgan.

Shahar turar-joylari uzoq yillar davomida faoliyat ko‘rsatgan va bir necha marta ta’mirlangan, aksariyat hollarda ularga taqalib qo‘shimcha devorlar qurilgani sababli, devorlarning qalinligi 1,05 – 1,66 m ga yetgan. Xonalarning joylashuviga qarab ushbu majmuaning janub tomonidan ko‘cha o‘tganligini taxmin qilish mumkin.
Raimkulov A., Rokko Rante

Buxoro shahristoni (O‘zbekiston–AQSH)

Buxoro shahri— Buxoro vohasining markazi va O‘rta Osiyodagi eng yirik shahar markazlaridan biri. Shaharning eng qadimiy qismi Qal’a (Ark) va uning sharqida alohida joylashgan “Qadimiy Shahriston” hisoblanadi. Buxoroning bu eng qadimgi tarixiy massivlari orasidagi masofa taxminan 120 m. ni tashkil etadi.
Ularning orasidagi topografik past hudud bir vaqtlar Shahar rud (Shaxrud) delta shoxobchalari bilan sug‘orilgan va qadimda shaharni himoya qilish uchun xizmat qilgan tabiiy to‘siq vazifasini bajargan. VIII—IX asrning oxirlarida va X-asrdan boshlab ushbu qurib qolgan hududlarda Qal’a va Shahriston o‘rtasidagi birinchi jome’ masjidi, mashhur Buxoro to‘quv ustaxonalari, Somoniylarning ma’muriy boshqaruv devonlari, Arkni o‘rab turgan handaq, shuningdek ma’muriy qo‘mondonlik markazi hisoblangan Arkni osma ko‘prik orqali Shaxriston bilan bog‘lovchi akveduk qurilgan.
Endilikda shaharni rekonstruksiya qilish jarayonida, Qadimgi Shahrstonga tutash hudud Ya.Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti hamda Nyu York universiteti bilan birgalikda tadqiq etilmoqda. O‘zbekiston-AQSH qo‘shma ekspedisiyasi 2023 yilgi arxeologik tadqiqotlar jarayonida 7 m chuqurlikda miloddan avvalgi II-I asrlarga oid eng qadimgi shahar

devori qoldiqlarini ochish ishlari davom ettirdi. Devor katta formatli pishiq g‘ishtdan qurilgan bo‘lib, uzunligi taxminan12 m, daryoning asl o‘zani bo‘ylab qurilgan.
Shuningdek, shahar tarixidagi ilk bosqichlarning tarixiy topografiyasi bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlarning juda muhim natijasi sharqiy qismining yuqori gorizontlari bo‘ylab, ilk o‘rta asrlarga tegishli devor qoldiqlarining topilishi bo‘ldi. Ushbu devor birinchi marta Buxoro Numijkatning bir paytlar tarqoq bo‘lgan to‘rtta mustahkam aholi manzilini yagona Shahristonga birlashtirib, o‘rta asrlarda shaharning gullab yashnashiga poydevor qo‘ygan.

Mirzaaxmedov Dj., Soren Shtark

Vardonze qo‘rg‘oni

Yodgorlik Buxoro So‘g‘dining yirik shahar markazlaridan biri bo‘lib, voha poytaxtidan shimoli-sharqda, ko‘chmanchi chorvador qabilalar yashagan
cho‘l bilan chegara zonasida joylashgan.
Shahar to‘g‘ri burchakli qal’a va shimoli-sharq– janubi-g‘arb chizig‘i bo‘ylab cho‘zilgan, topografik jihatdan ikki qismga bo‘lingan, Shahristondan iborat. Qal’a yer sathidan18-20 m balandlikda ko‘tarilgan bo‘lib, taxminan 0,7 gektar maydonni egallaydi, chuqur suvli xandaq va ikkita darvozasi mavjud bo‘lgan. Birinchi janubiy darvoza, bo‘rtib turuvchi minora, xandaq ustida joylashgan ko‘tarma zinapoya va pandus orqali Qal’ani Shahriston bilan bog‘lagan. Ikkinchi sharqiy darvoza orqali esa, voha tomon bilan bog‘langan.
Yodgorlik 2014 yildan buyon Yevro Osiyo ilmiy tadqiqot jamg‘armasi bilan birga tashkil qilingan O‘zbekiston-Shveysariya halqaro qo‘shma ekspedisiyasi tomonidan o‘rganilmoqda.
Bu yil arxeologik ishlar Shahristonning sharqiy qismida, yodgorlik qal’asiga tutash xandaq bo‘ylab olib borildi. Tadqiqot vazifasi asosan forti fikatsiya va shahar tuzilishidagi urbanizatsiya jarayonlarining kelib chiqishini o‘rganishdan iborat edi. Tadqiqot davomida quyidagi xulosalar qo‘lga kiritildi.

  1. Yuqori madaniy qatlamlarda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida aholi XIX asr oxiri— XX asr boshlarida, qumlarning qayta-qayta ko‘chishi jarayonida shaharni tark etgani qayd etildi.
  2. Shahriston fortifikatsiyasini o‘rganish uning kamida ikki xronologik bosqichdan iboratligini ko‘rsatdi. Yuqori gorizont bo‘ylab, 1,5-2 m balandlikda devorlar paxsadan qurilgan bo‘lib, asosiy yadro va qattiq shikastlangan «rubashka»ga bo‘linadi. Topilgan arxeologik materialga ko‘ra, Shahriston devor-larining yuqori qurilish gorizonti so‘nggi o‘rta asrlar, ya’ni XVIII—XIX-asrlarning oxirlariga to‘g‘ri kelishi mumkin.
  3. Pastroqda ochilgan devor to‘rtburchak shakldagi xom g‘ishtdan terilgan bo‘lib, monumental xususiyatga ega va X-XI asrlarga tegishli bo‘lishi mumkin, ya’ni arablar bosqini vayrongarchiliklari va Vardonzening Shoh-baxsh rustoqining poytaxtiga aylantirilishidan keyingi, Somoniylar zamonidagi Uyg‘onish davriga to‘g‘ri keladi.
    Shuningdek, tashqi devorlar yuqori gorizontlarining vayron bo‘lishi va tepa qismi bo‘ylab XIX asr oxiri XX asr boshlariga tegishli turar joy binolari poydevorlari va devorlarining qurilishini kuzatish mumkin. Ushbu holat, 1868 yilda Buxoro amirligi va Rossiya o‘rtasida protektorat haqidagi hujjat imzolanganidan so‘ng tashqi va ichki tahdidlar bartaraf etilganda ko‘plab istehkomlar o‘z ahamiyatini yo‘qotib, asta-sekin buzilib, o‘rnida fuqarolar turar-joylari qurila boshlaganidan dalolat berishi mumkin.
    Mirzaaxmedov Dj.

Kimirek-qum 1


Kimirek-qum 1 yodgorligi Buxoro shahridan 55 km shimoli-g‘arbda, voha sug‘oriladigan hududining hozirgi g‘arbiy chegarasidan 23 km uzoqlikda joylashgan. Bu joy Romitan-rud, deb nomlanuvchi Zarafshon daryosining shohobchasidan kelib chiqqan bo‘lib, hozir qurib qolgan va kengligi taxminan 30–40 m bo‘lgan ikkita katta aylanma kanallar orasida joylashgan.
Kimirek-qum1 yodgorligi uncha baland bo‘lmasada vizual qarashda 11 ga maydonni o‘rab turgan devor va ariq qoldiqlarini kuzatish mumkin. Yodgorlik 2021 yilda olib borilgan qidiruv tadqiqotlari chog‘ida O‘zbekiston-AQSH qo‘shma ekspedisiyasi tomonidan aniqlangan.


2023 yilda yodgorlikda qazishmalar 5 ta shurf va 20×3 m bo‘lgan transheya ko‘rinishida olib borildi. Qazuv ishlari davomida qadimgi Zarafshon deltasida joylashgan so‘nggi bronza ilk temir davriga oid topilmalar qayd etilib, shu asosida yodgorlik bronza ilk temir davriga tegishli yangi ishlab chiqarish markazi ekanligi borasida xulosaga
kelindi.
Mirzaaxmedov Dj.K., Soren Stark

Varaxsha

Varaxsha shahar xarobalari nafaqat Sug‘dning, balki, Markaziy Osiyoning eng noyob arxeologik yodgorliklaridan biridir. Vapraxsha shahri to‘g‘risida dastlabki ma’lumotlar tarixchi Muhammad Narshahiyning “Buxoro tarixi” asarida uchraydi. Bu asarda Varaxsha “Rajfandun” shahri nomi ostida tilga olinadi va “Buxoro shohlarining kuchli mudofaalangan yashash manzili sifatida ta’riflanadi. Undan tashqari arab sayyohi Ibn Havqal Varaxshani Buxorodan to‘rt farsah masofada joylashgan shahar sifatida tilga oladi.
Marvlik sayyoh Abulkarim Sam’oniy asarida Varaxsha Buxoro vohasining yirik qishloqlari qatorida tilga olinadi. XII asrda yozilgan bu asardan boshqa, keyingi asrlarda bitilgan manbalarda Varaxsha nomi boshqa tilga olinmaydi va bu holat shahar XII asrda vayronaga aylanganligini taxmin qilish imkon beradi.

Varaxsha shahrining xarobalari bo‘lgan arxeologik yodgorlik bu hududga tashrif buyurgan olimlar, tarixchilar va o‘lkashunoslarni bee’tibor qoldirmagan. Shahar xarobalari va uning atrofidagi hududlarni o‘rganish ishlari dastlab 1938-1939 yillarda V.A. Shishkin boshchiligidagi arxeologik ekspedisiya tomonidan olib borilgan. Urush tufayli to‘xtab qolgan tadqiqotlar 1952 yilda yana davom ettirilib, 1954 yilda yakunlangan.
Varaxsha yodgorligi uchburchak shakliga yaqin topografik xususiyatga ega bo‘lib, ark va shahristondan iborat, hozirgi kunlardagi umumiy maydoni 9 ga. Tepaliklarning eng baland nuqtasi 11 m. ni tashkil qiladi. Lekin yodgorlikning barcha tomonlarida 1-2 km. maydonda katta miqdorda arxeologik osori-atiqalar (pishiq g‘ishtlar bo‘laklari, sopol, metall, shisha buyumlar parchalari) uchraydi. Bu topilmalar shaharning juda yirik aholi manzili bo‘lganligini isbotlaydi. Olimlarining taxminlariga ko‘ra, shahar maydoni 100 gektardan kam bo‘lmagan. Shahristonning barcha tomonlarida tashqi mudofaa devorlarining va ular bilan birga bunyod etilgan mudofaa burjlarining izlari ko‘zga tashlanadi. Shahriston mudofaa devorlari chuqur xandaklar bilan o‘ralgan.
2023 yilda O‘zbekiston-Fransiya (Luvr) xalqaro arxeololgik ekspedisiyasi tomonidan tadqiqotlar boshlanib, qazuv ishlari shahar arkidan 70-75 m shimoli-g‘arb tomonda, shahriston hududida o‘tkazildi. Bu yerda Varaxsha shahrining madaniy qatlamlarini o‘rganish maqsadida tomonlari 5×5 m bo‘lgan stratigrafik shurf solindi va bir oy mobaynidagi tadqiqotlar davomida 3 m. chuqurlikga qadar qazildi.
Shurfning yuqori qismida, ya’ni 1-1,30 m. qalinlikdagi madaniy qatlamlarda kam miqdorda somoniylar va qisman qoraxoniylar davriga oid sopol buyumlar parchalari uchraydi. Bu qatlamlar juda yumshoq tuproqdan iborat bo‘lib, unda biror-bir me’moriy inshoot qoldiqlari kuzatilmadi. Undan pastki qatlamlarda, shurfning shimoliy devorida to‘rt-besh qator xom g‘ishtli devor qoldiqlari va unga tutashgan pol sathi kuzatildi. Qo‘lga kiritilgan topilmalar asosida bu devor milodiy VI-VII asrlarga taaluqli degan xulosaga kelindi.

Raimkulov A., Rokko Rante.

Zarafshon vohasi tosh davri yodgorliklari


Zarafshon vohasi tosh davri yodgorliklarini tadqiq etish Samarqand arxeologiya instituti va FMTM (CNRS) qoshida tashkil etilgan O‘zbek-Fransuz qo‘shma arxeologik ekspedisiyasi tomonidan 2015 yildan buyon amalga oshirib kelinmoqda.
2023 yildagi dala qidiruv ishlari Oyoqog‘itma hududida olib borildi. 2021 yilda Institut xodimlari tomonidan Oyoqog‘itma ko‘lining atrofida arxeologik qidiruv ishlari olib borishi natijasida 150 ga yaqin topilmajoy aniqlangan. Jumladan, hududda Oyoqog‘itma 2-4, Oyoqog‘itma 11 va 8 ta ustaxonalar guruhi aniqlangan edi.
2023 yilda qazuv ishlari nisbatan topilmalarga boy bo‘lgan Oyoqog‘itma-7 topilma joyida shurf ko‘rinishida amalga oshirildi.
Shurf o‘lchamlari 1,5×1,0 metrni tashkil qilib uning chuqurligi 1,10 m ga qadar yetkazildi. Bu qazishma shurfida madaniy qatlamlar kuzatilmasada, lekin aralash holatda 1703 dona tosh qurollar aniqlandi.

Birlamchi texnologik tipologiyasiga ko‘ra toshlarni quyidagi guruhlarga ajratish mumkin:
1 ta tosh ushatg‘ich,
42 ta nukleus (tosh o‘zagi)
1088 ta uchirindi,
24 ta plastina,
119 ta plastinka,
39 ta mikroplastinka,
40 ta paraqa,
196 ta(sasson) tosh siniqlari.
Topilmalar texnik tipologik jihatdan so‘nggi paleolit va neolit davri bilan sanalandi.
Qazuv ishlaridan tashqari hududda olib borilgan qidiruv ishlari natijasida yangi Oyoqog‘itma-13 topilma joyi xam aniqlanib, ro‘yxatga olindi. Oyoqog‘itma-7 topilma 200 metr janubi-g‘arbda bo‘lgan ushbu topilma joy birlamchi tekshiruvlarga ko‘ra tosh davriga oid ustaxona bo‘lganligi borasidagi fikrga kelindi.


Xoshimov X., Brunet F., Xolmatov A