XALQARO HAMKORLIK FAOLIYATI HAQIDA MA’LUMOT
Institut tomonidan dunyoning yetakchi bir qator ilmiy tadqiqot institutlari va tashkilotlari bilan qo‘shma loyihalarda ishtirok etish, arxeologik tadqiqotlarda o‘zaro hamkorlik, tajriba almashish, kadrlar tayyorlash yuzasidan Fransiya, Italiya, Koreya, Yaponiya, Rossiya (Sankt-Peterburg), AQSh, Xitoy va boshqa davlatlar bilan kelishuv memorandumlari imzolanib, hamkorlik aloqalari amalga oshirilmoqda.
Koreya madaniy meros fondi bilan birga 2022-2026 yilga mo‘ljallangan va qiymati 3 mln 800 ming AQSh dollar bo‘lgan loyiha imzolandi. Loyiha doirasida Samarqandning madaniy turizm resuslarini rivojlantirish va salohiyatini oshirishga hamda Samarqand arxeologiya institutida zamonaviy konservatsiya va restavratsiya laboratoriyasini rivojlantirishga qaratilgan.
Jumladan, Fransiya ilmiy tadqiqotlar Milliy Markazi (CNRS) bilan hamkorlikda “O‘zbekistonning shimoliy-g‘arbiy, janubiy va markaziy hududlarining tosh davri arxeologiyasi” va “Buxoro voxasining o‘zlashtirilishi, moddiy madaniyati va urbanizatsiya jarayonlari antik va o‘rta asrlarda” mavzusidagi loyihalar hamda keyingi yillarda O‘zbek-Fransuz ekspeditsiyasining asosiy e’tibori uzoq yillik arxeologik tadqiqotlar davomida qo‘lga kiritilgan topilmalarni tahlil qilish, nashr etish va muzeylashtirishga qaratilgan.
Italiyaning Bolonya Universiteti bilan xamkorlikda “Zarafshon vodiysi arxeologik yodgorliklarini kompleks o‘rganish” mavzusidagi arxeologik izlanishlar 2000 yilda boshlanib tadqiqotlarning asosiy yo‘nalishi Samarqand Sug‘didagi ilk agro-irrigatsion xududlarni aniqlash, tarixiy topografiyasini o‘rganish va urbanizatsion jarayonlarning dinamikasini ko‘rsatishdan iborat. 2013 yilda buyon Napoli Universiteti bilan hamkorlikda “Markaziy Sug‘dning dehqon va chorvadorlar aloqa zonalaridagi yodgorliklarni o‘rganish” mavzusidagi arxeologik tadqiqotlar olib borilmoqda.
Rossiyaning davlat Ermitaj Muzeyi (Sankt-Peterburg) bilan hamkorlikda “Antik va o‘rta asrlarda Buxoro Sug‘dining shaharsozlik madaniyati” mavzusida hamkorlik ishlari 1981 yildan boshlangan. Ekspeditsiya faoliyati Buxoro Sug‘dining yirik shahar markazi yozma manbalarda “savdogarlar shahri”, “mis shahar” nomlari bilan yaxshi ma’lum bo‘lgan Poykendni o‘rganishga qaratilgan.
Yaponiya davlati bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo madaniyati rivojlanish bosqichlari va tarixi” mavzusidaTezukayama va Kioto universitetlari bilan ilmiy hamkorlik 2006 yilda boshlanib, Samarqand Sug‘dining muhim shaxarsozlik markazlari bo‘lmish Kofirqal’ani o‘rganishga qaratilgan. Shuningdek Kanazava universiteti va Qadimgi sivilizatsiyalar va madaniy resurslarni o‘rganish instituti bilan hamkorlikda “Qadimgi va o‘rta asrlar davrlaridagi Farg‘ona vodiysi aholisining iqtisodiyoti” mavzusida izlanishlar 2019 yilda boshlangan. Ekspeditsiyaning tadqiqotlari Farg‘ona vohasining qadimiy shahar markazlaridan biri bo‘lgan-Dalvarzintepaga yo‘naltirilgan.
AQShning Nyu-York Universiteti, Qadimgi dunyoni o‘rganish instituti bilan hamkorlikda “O‘zbekiston hududidagi qadimiy va o‘rta asrlarga oid voha devorlari (Kampirdevor)” mavzusidagi tadqiqotlar 2011 yildan boshlangan. Izlanishlarning asosiy maqsadi mudofaa inshoatlarining tuzilishini, qurilish bosqichlarini va Dunyoning yetti mo‘jizalaridan biri bo‘lmish Buyuk Xitoy devoriga o‘xshash bo‘lgan Buxoro vohasining ushbu devori kimga qarshi qurilganligini aniqlashdan iborat.
Xitoy Xalq Respublikasining Shimoliy-g‘arbiy Universiteti bilan hamkorlikda “Tyan-shan tog‘ tizmasining g‘arbiy tarmoqlaridagi arxeologik tadqiqotlar” mavzusidagi tadqiqotlar 2014-yildan boshlangan. Ekspeditsiyaning izlanishlari O‘zbekiston Respublikasining Surxоndaryo, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari hududlaridagi ko‘chmanchilar yodgorliklarini o‘rganishga qaratilgan. Antik davrga oid Sazag‘on qabristonlari guruhi kompleks o‘rganilmoqda. O‘zbek-Xitoy ekspeditsiyasi tomonidan zamonaviy ilmiy tadqiqotlarda mozor-qo‘rg‘onlarning o‘rganilishi O‘zbekistonning xalqlarining qadimgi va o‘rta asrlardagi madaniyati, iqtisodi va etnik genezisi haqidagi bilimlarimizni to‘ldiradi.
Hozirgi vaqtda Koreya, Xitoy, Yaponiya, Italiya, Fransiya, AQSh, Rossiya kabi davlatlarning ilmiy markazlari hamda MOTXI (Markaziy Osiyo halqaro tadqiqotlar instituti va HTA (Halqaro turk akademiyasi) halqaro tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.