Qaliyatepa
Qaliyatepa qadimgi Dizak shahrining o‘rnida shakllangan yirik arxeologik yodgorlik bo‘lib, u Jizzax viloyatining markazi- Jizzaxning sharqiy chekka qismida joylashgan. Yodgorlikning saqlanib qolgan umumiy maydoni 50 ga atrofida bo‘lib, uch qism ark, shahriston va rabodlardan tashkil topgan.
2023 yilda yodgorlikda qazuv ishlari davom ettirilib, tadqiqot asosan yodgorlikning ark, sharqiy va shimoliy mudofaa devorlariga qaratildi.
Ark shahristonning janubiy qismida, sharqiy va janubiy devorlar o‘rtasida joylashgan, alohida mudofaa devorlari bilan o‘ralgan, umumiy maydoni 1 ga.dan ortiq. Asosiy qazuv ishlari arkning sharqiy qismida, ark darvozasining ro‘parasidagi hududda o‘tkazildi. Ushbu qazuv ishlari davomida yuqori qurilish qatlamidan XV-XVI asrlarga oid xo‘jalik xonalarining juda yomon ahvolda saqlanib qolgan devor qoldiqlari, markazda joylashgan supa, diametri 1,05-1,10 m.ga teng xo‘jalik o‘ralari va ushbu davrga oid vadrat shaklidagi pishgan g‘ishtlar (28-30×28-30×5,5 sm), kulollik idishlari parchalari qayd etildi.


Arkning shimoliy qismidagi qazuv ishlari natijasida, milodiy VIII asrga oid imoratlar qoldiqlari, xususan, koridorsimon xonaning sharq tomonga davom etgan devorlari, paxsadan ko‘tarilgan qandaydir aylanasimon inshootning ichki qismi qayd etildi. Taxmin qilinishicha, ushbu inshoot ilk o‘rta asrlarda faoliyat ko‘rsatgan harbiy burjning qoldiqlari bo‘lishi mumkin.
Qaliyatepa shahristoni sharqiy mudofaa devorining janubiy qismidagi qirqimlarda olib borilgan kichik, aniqlashtiruvchi qazuv ishlari natijasida qadimgi shahar mudofaa devorlari qalinligi 15-17 sm.ga teng shag‘al qatlami ustiga bunyod etilgani aniqlandi. Shahristonning shimoliy devorida o‘tkazilgan stratigrafik shurf ma’lumotlariga ko‘ra, XIV-XVI asrlarda mudofaa devorlari ustiga ham turar-joylar qurilgan, ya’ni bu davrda devor o‘z funksiyasini bajarmagan. So‘nggi o‘rta asr qatlamlaridan so‘ng, pastda ilk o‘rta asrlarga (V-VIII) oid mudofaa devorining tashqi qismi ochildi, unda bir necha marta ta’mirlash ishlari o‘tkazilganligi aniqlandi.
Pardayev M.H.
Jizzax viloyatida olib borilgan kompleks qidiruv ishlari

2023 yilda Jizzax viloyatidagi yangi yodgorliklarni aniqlash va ularni xaritaga tushirish maqsadida kompleks tarzda qidiruv ishlari olib borildi. Ekspedisiyaning bir ishchi guruhi Jizzax viloyati Forish tumanida, ikkinchi guruh esa Gʻallaorol tumanida dala qidiruv ishlarni amalga oshirishdi.
Birinchi yo‘nalishdagi qidiruvlar Forish tumanining Mojrum, Andagin, Uxum, Uchma, Deriston, Osmonsoy, Mexayam, Mingbuloq va Narvon kabi qishloqlari hududida olib borildi. Natijada, ushbu hududlarda 800 dan ortiq qoyatosh rasmlar, 1000 ortiq mozorqo‘rg‘onlar, antik va o‘rta asrlarga tegishli yodgorliklar aniqlandi. E’tiborli jihati shundaki, Narvon qishlog‘i hududida o‘rta paleolit davriga tegishli topilmajoy aniqlandi. Topilmajoyda qayd qilingan tosh qurollar qumtoshli (peschanik) bo‘lib, 10 ga yaqin nukleus va otsheplardan iborat. Ikkinchi yo‘nalishdagi tadqiqotlar Gʻallaorol tumanining Qo‘ytosh, Qiziltut, Sayfinota, Yoboshtut Ko‘kbuloq, Savruk, Chayonli, Tomchi, Gulzor, O‘gat, Maklbay kabi qishloqlari atrofida olib borildi.


Ushbu hududda ham 500 dan ortiq qoyatosh rasmlari, 300 ga yaqin mozorqo‘rg‘onlar, antik va o‘rta asrlarga tegishli yodgorliklar aniqlandi. Bundan tashqari O‘gat qishlog‘i hududida o‘rta paleolit davriga oid tosh qurollari ustaxonasi aniqlandi. Ustaxona hududidan 200 ga yaqin tosh buyumlar yig‘ib olindi. Mehnat qurollari qumtosh (peschanik) va kvars xomashyosidan yasalgan. Tosh qurollar, asosan birlamchi ishlov berilgan bo‘lib, tishsimon qurollar kamchilikni tashkil qiladi. To‘plamda klever, chopping, nukeus, plastina, otshyep va levallua tipidagi qurollar kuzatiladi.
Pardayev M. , Imomov A., Pardayev Sh.,
Ro‘ziboyev T., Xolboyev Z., Tursunqulov F.
