Axshaxanqal’a
2023 yil dala mavsumida Ya.Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti arxeologiya ekspedisiyasi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti arxeologiya bo‘limi bilan hamkorlikda qadimiy Oqshaxon qal’a shahrida qazish ishlari olib bormoqda. Arxeologik tadqiqotning maqsadi yuqori shahar va tahminiy arkning (11-qazishma) janubi-sharqiy darvoza yaqinidagi darvoza labirinti”pandus” sifatida ko‘tarma inshoot (09-qazishma) tadqiqotini yakunlash hisoblanadi.


2000-2003 yillarda janubi-sharqiy darvoza hududida tadqiqotlar olib borilgan bo‘lib, natijada, yuqori shahar darvozasining mudofaa tizimi o‘rganilgan, ammo, darvoza inshooti ichki qismi to‘liq o‘rganilmagan. 2018 va 2019 yilgi dala mavsumlarida ichki pandusda qazishma ishlari nihoyasiga yetkazilib, natijada ichki pandus qum to‘shama ustiga yotqizilgani, 42x44x12 sm o‘lchamdagi xom g‘ishtlardan barpo etilganligi aniqlandi. Ichki pandusning o‘lchamlari uzunligi 15 m va kengligi 7,5 m. ni tashkil etadi.
2022 yilda ko‘tarma inshoot qurilmasini aniqlash uchun qazish ishlari, darvoza oldi labirint hududidagi tashqi pandus hududida davom ettirildi, ammo katta qum barxanlari pandusda qazishma ishlarini yakunlashda asosiy to‘siqlardan biriga aylandi.
2023 yilda asosiy vazifalardan biri darvoza oldi labirintida joylashgan tashqi pandus tadqiqotini yakunlash bo‘ldi. Tadqiqot davomida istiqomat qilingan ikkita pol qayd etilgan. Birinchi pol (keying bosqich) 15-20 sm qalinlikdagi pishitilgan loydan qilingan.

Birinchi pol ustidagi madaniy qatlamlarda kamsonli sopol bo‘laklari topilgan bo‘lib, ularni I-III asrlar oralig‘idagi keng davr bilan sanalashtirish mumkin. Ikkinchi pol ustidagi qatlamlarda mil. avv. II-I asrlarga oid sopol idish bo‘laklari qayd etilgan. Shunday qilib, Aqshaxon-qal’aning yuqori shahar darvozasi, mintaqada juda kam uchraydigan qo‘sh pandus (tashqi va ichki) ko‘tarma inshootlardan biri bo‘lganligi aniqlandi.
Ushbu dala mavsumining maqsadlaridan yana biri yuqori shaharni janubi-g‘arbiy burchagida joylashgan shartli qal’a, saroyda (11-qazishma) qazishma ishlari bo‘ldi. Bu ob’yektda qazishma ishlari 2013 yilda olib borilgan bo‘lib, natijada o‘tish yo‘lagi qayd etilgan edi. 2023 yilda “qal’a” devori tutashgan, mudofaa devorining shimoli-g‘arbiy qismida qazishma ishlari olib borildi. Qazishma ob’yektning tashqi va ichki qismlarini o‘z ichiga qamrab oldi. adqiqot davomida «qal’a» devorini, aholi tomonidan shahar tashlab ketilgan ko‘p yillik davr o‘tib barpo etilganligi aniqlandi, «qal’a» devo-rini poydevori yuqori shahar qal’a devori vayronalari ustiga barpo etilgani bu haqida shundan dalolat beradi. Shuningdek, ob’yekt devorining tuzilishi ayniqsa diqqatni o‘ziga tortadi.

«Qal’a» devorining g‘isht o‘lchamlari uzunligi 33 sm, qalinligi 8-10 smni tashkil etadi. Devor tuzilishi xom g‘ishtlar ustida qo‘yilgan paxsa bloklari qalamalardan iborat. Gʻisht qatorlari orasidagi paxsa bloklarining qalinligi 25-30 sm. Yuqorida qatlamda kuzatiladigan «qal’a» devorining saqlanib qolgan qismi uzunligi 90 m, eni 1,50 m, balandligi 2,20-2,50 m. Sopol namunalariga tayanib, shartli “qal’a” sifatida tahmin qilinayotgan ushbu inshootni VI-VII asrlar bilan sanalashtirish mumkin.
Iskanderova A.


Xorazm vohasida qidiruv ishlari
Qadimgi Xorazm hududida davrida Suvyorgan (mil. av. II ming yillik birinchi yarmi), Tozabog‘yob (mil. av. II ming yillik ikkinchi yarmi) va Amirobod (mil. av. X-VIII asrlar) madaniyatlari yuzaga kelgan. Suvyorgan madaniyati Xorazm vohasining cho‘l zonasiga oid jez davri arxeologik madaniyati hisoblanib, Amudaryoning qadimgi Oqchadaryo irmog‘i bo‘ylaridan Ya. Gʻulomov tomonidan Suvyorgan madaniyatiga oid 12 ta makon ochib o‘rganilgan.
Tozabog‘yob madaniyati esa Amudaryoning quyi havzasidagi Oqchadaryo o‘zani bo‘yidagi Tozabog‘yob kanali bo‘yida joylashgan bo‘lib, 1938 yilda S.P. Tolstov tomonidan topilgan. Ushbu madaniyat S.P. Tolstov va M.A. Itina fikriga ko‘ra Janubiy Ural va Gʻarbiy Qozog‘istondan ko‘chib kelgan Srubnaya (Yog‘ochband)
Andronovo madaniyatlari qabilalari hamda mahalliy Suvyorgan madaniyati vakillarining qorishishi natijasida vujudga kelgan. Qadimgi Xorazm hududidagi Sulton Uvays tizmlarini sharqiy tomonidan 100 dan ortiq qabr topilgan. Janubiy Oqchadaryo deltasi bo‘ylarida 50 dan ziyod Tozabog‘yob madaniyatiga oid makonlar qayd qilingan.


Joriy yilda ushbu yodgorliklarni qayta xatlovdan o‘tkazish, yangilarini aniqlash maqsadida Xorazm viloyati hududida dala qidiruv ishlari amalga oshirildi. Natijada, Aqchadaryo bo‘ylaridagi Amirobod madaniyatiga oid 10 dan ortiq manzilgoh (Yakkaporson 2 va Qubod 2 va Qavat 1-7 yodgorliklari) saqlanmaganligi ma’lum bo‘ldi. Ehtimol mazkur yodgorliklar daryo, ko‘llar atrofida joylashganlgi va suv o‘zanlarini o‘zgarishi, suv toshqinlari hamda xo‘jalik ishlari natijasida buzilib ketgan bo‘lishi mumkin.
Xuddi shunday holat Janubiy Oqchadaryo deltasi bo‘ylarida 50 dan ziyod Tozabog‘yob madaniyatiga oid makonlarda ham kuzatildi. Bu yerdagi Ko‘kcha 15, 16, 21, 22, Jonbos 33, 34 kabi manzilgohlar xo‘jalik ishlari natijasida buzilib ketganligi aniqlandi.
Raximov K.A., Sadullayev B