BAQTRIYA ARXEOLOGIK EKSPEDISIYASI

Qorong‘udara


Qorong‘udara yodgorligi Surxondaryo viloyati, Boysun tumani Machay qishlog‘ida, Machay daryoning chap sohilida joylashgan.
2023 yilda Qorong‘udara yodgorligida arxeologik qazishma tadqiqot ishlari natijasida 30 ga tosh davrining so‘nggi paleolit davriga oid tosh buyumlar topildi. Shuning bilan bir qatorda Boysun vohasida ilk marta so‘nggi paleolit davrini xarakterlaydigan 2 dona bifas (ikki yuzasiga ishlov berilgan qurol) tosh buyumlari topildi.

Qazishma tadqiqotlari bilan bir qatorda Boysun vohasi hamda shunga tutash bo‘lgan hudud Ayiq darasida ham arxeologik qidiruv nazorat ishlari olib borildi. Natijada, bir nechta tosh davriga oid topilma joylar aniqlandi. Hozirgi kunda dala tadqiqotlari natijasida qo‘lga kiritilgan arxeologik artefaktlar Tosh davri arxeologiyasi bo‘limining mutaxassislari tomonidan texnik-tipologik jihatidan o‘rganilib kelinmoqda.

Rajabov A., Xoshimov X., Ergashev O.

Xolniyoztepa


Xolniyoztepa yodgorligi Surxondaryo viloyati, Sho‘rchi tumani hududida joylashgan. Yodgorlikni o‘lchami 50×40 m, balandligi markaziy qismida 3,5 m ni tashkil qiladi.
Xolniyoztepada dastlabki tadqiqotlar 1999 yilda olib borilgan. Ushbu vaqt davomida 10×18 m o‘lchamdagi maydonda kazuv ishlari olib borilib, 14 ta qabr ochib o‘rganilgan.
Tadqiqotlar davomida 3 hil ko‘mish an’anasi kuzatilgan Qabrlarning asosiy qismi to‘rt burchakli o‘ra shaklida, shuningdek ayvonli lahad va yorma shakldagi qabrlar ham qayd etilgan. Mayitlar bilan turli sopol idish qo‘yilgan, bronzadan yasalgan ko‘zgu, bilakuzuk, sirgalar va temir pichoqlar topilgan. Dastlabki xulosalarga ko‘ra, qabriston Yunon-Baqtriya davrining so‘nggi asrlarida shakllangan.

Joriy yilgi tadqiqotlardan maqsad yuqoridagi ilmiy ishlarni davom ettirish, aholi tomonidan buzil-magan, saqlanib qolgan qabrlarni izlab topish hisoblanadi. Shuningdek miloddan avvalgiII ming yillikning so‘nggi asrlarida shimoldan kelgan qabilalar Surxondaryo havzasidagi qishloq makonlariga joylashib atrofdagi adirlik va tepaliklarga o‘z qabiladoshlarini dafn etishgan. Bu
jarayonlar kulgusi tadqiqotlar natijasida yanada aniqlashadi.

Arziyev K.

Jarqo‘ton yodgorligi

Jarqo‘ton yodgorligi Surxondaryo viloyati Sherobod tumani, Bo‘stonsoy etaklarida joylashgan. Yodgorlik 3 qismdan: ark, shahar va qabristondan iborat. Jarqo‘ton yodgorligida dastlabki tadqiqotlar 1973 yildan boshlangan. Jarqo‘ton A.A. Asqarov tomonidan Qadimgi Sharq sivilizatsiyasiga xos ilk dehqonchilik madaniyati yodgorligi, T.Sh. Shirinov tomonidan esa ilk shahar sifatida talqin qilinadi.
Joriy yilda yodgorlikda tadqiqot ishlari yodgorlikning g‘arbiy qismida qadimgi kanal o‘rnini aniqlash uchun 4 ta shurf va shu bilan birga Jarqo‘ton yodgorligining №4 tepaligini sharqiy qismida (5×5 metr maydonda) planigrafik qazuv ishlari ko‘rinishida olib borildi. Olib borilgan qazuv ishlari natijasida qazishmani yuqori qatlamidan chiqindi tashlashga mo‘ljallangan 2 ta o‘ra va kulollik idishlarini pishirish xumdoni ochib o‘rganildi. Yodgorlikda ochib o‘rganilgan chiqindi o‘ralarida turli xil hayvon suyaklari, toshdan yasalgan mehnat qurollari va shu bilan birga Sopolli madaniyatining Jarqo‘ton va Ko‘zali bosqichiga tegishli kulollik idish bo‘laklari qayd qilindi. O‘ra va xumdon o‘txonasini ichki to‘lamidan arxeobotanik tahlillar uchun namunalar olindi.
Xumdon qazishmani shimoli-sharqiy qismida joylashgan bo‘lib, uning faqatgina diametri 0,72 m bo‘lgan o‘txonasi saqlangan. Saqlangan chuqurligi 1,10 m. Ichki qismida hech qanday tirgak ustun qoldig‘i kuzatilmaydi.


O‘txonaning ichki qismi kuchli olov ta’sirida 1-2 sm qalinlikda kuygan. Xumdon o‘txonasi xususiyatlariga ko‘ra, uning pishirish kamerasi doira shaklda bo‘lib, uning diametri 1,5 m. dan kam bo‘lmagan, deb taxmin qilish mumkin.
Qazishmani janubiy tomonida 52x26x11-12 sm o‘lchamdagi xom g‘ishtdan qurilgan xonaning bir qismi ochib o‘rganildi. Xona devorining kengligi 80 sm, saqlanish balandligi 50 sm. Shimoliy tomonda devor ichiga joylashtirilgan o‘choq ochildi. Devor hamda xona poli loy bilan tekis suvalgan bo‘lib, mazkur pol ustida va xumdon o‘txonasini ichki qismida topilgan arxeologik topilmalarni ilmiy tahliliga ko‘ra ular Sopolli madaniyatining Jarqo‘ton bosqichiga oid bo‘lganligidan dalolat beradi.

Rahimov K.A., Shapulatov U.

Surxondaryo yuqori oqimidagi qidiruv ishlari


O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi Yahyo Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti va Shimoliy-Gʻarbiy universiteti(XXR) qoshida tashkil etilgan O‘zbekiston- Xitoy qo‘shma arxeologik ekspedisiyasi tomonidan 2020 yildan boshlab Surxondaryoning yuqori oqimidagi arxeologik yodgorliklarni aniqlash, ro‘yxatga olish ishlarini amalga oshirib kelmoqda.

2023 yilda Surxondaryoning yuqori oqimi- Sho‘rchi tumanida arxeologik qidiruv tadqiqot ishlari olib borildi. Bu hudud Shimoliy Baqtriyaning markaziy qismida joylashgan bo‘lib, o‘tmishda va hozirgi kunda ham chorvachilik xo‘jaligi uchun qulay iqlimli hudud hisoblanadi. Qidiruv ishlari davomida Bobotog‘ning sharqiy tomonidagi adirliklarda Musurmon kachar I, II, Gʻisht kachar, Kattatepa, Toqirni havori I-III, Qariqoton, Qorko‘mar, Qunduzsoy, deb nomlanuvchi mozorqo‘rg‘onlar guruhi topildi. Mozorqo‘rg‘onlar diametri asosan 4-10 m, saqlangan balandligi 30 sm dan 1,20 sm gacha bo‘lib, ularda bir yoki uchtagacha jasad dafn etilganligi aniqlandi.

Bu mozorqo‘rg‘onlarning davriy sanasiga aniqlik kiritish maqsadida tanchan asbobi yordamida tuproq, suyak, temir va munchoq namunalari laboratoriya tahlili uchun olindi. Yer yuzasidan topilgan arxeologik topilmalar asosida asosiy mozorqo‘rg‘onlar antik davrga oid ekanligi qayd etildi.

Sho‘rchi tumani hududida qidiruv tadqiqot ishlarini olib borish davomida mahalliy aholining qo‘lida saqlanayotgan turli davrlarga oid sopol idishlar ularning roziligi bilan yig‘ib olindi. Natijada, ilk temir, bronza, antik va ilk o‘rta asrlar davriga tegishli bo‘lgan juda boy arxeologik topilmalar qo‘lga
kiritildi.
Arxeologik qutqaruv nazorat ishi davomida Budraj-Dunyotepa va Zahartepa yodgorliklari mahalliy aholi tomonidan buzilayotganligi aniqlandi. Yodgorliklarda buzilish ishlari to‘xtatildi va mahalliy aholiga arxeologik yodgorliklarning ahamiyati, ularni saqlash bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi. Buzilgan yodgorliklar to‘g‘risida Surxondaryo viloyati madaniy meros boshqarmasiga xat orqali xabar berildi.

Berdimurodov A., Arziyev K., Vang Jianxin

Rabod

O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi Ya. Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti va Xitoy Xalq Respublikasining Shimoli— Gʻarbiy universiteti o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikka oid shartnoma doirasida O‘zbekiston- Xitoy qo‘shma arxeologik ekspedisiyasi 2017 yildan boshlab Surxondaryo viloyati Boysun tumani Rabot arxeologik yodgorligida qazishma ishlarini amalga oshirib kelmoqda. Tadqiqotning asosiy maqsadi ko‘chmanchi chorvador qabilarlar mozorqo‘rg‘onlarini o‘rganish asosida qadimiy halqlar moddiy madaniyati, ularning kelib chiqishi, migratsiya masalalarini o‘rganish hisoblanadi. Shu vaqtga qadar yodgorlikda eramizdan avvalgi II asr oxiri va eramizning dastlabki asrlariga tegishli bo‘lgan, 100 taga yaqin qabrlar ochib o‘rganilgan.
2023 yilda bu ishlar davom ettirilib 40 ga yaqin qabrlar ochib o‘rganildi. Qabrlar turli davrlarga mansub bo‘lib, ularning orasida bronza davriga oid bir dona qabr topildi. Rabotdagi joriy yilda ochib o‘rganilgan qabrlar tuzilishi avvalgi yillardagi kabi asosan o‘ra va yorma uslubda bo‘lib, lahadni og‘zini berkitishda tosh va g‘ishtlardan o‘ra qabrlarda esa ba’zan yog‘och tobutlardan foydalanilgan.

Qabrlar yo‘nalishi asosan shimoli-sharqdan janubi-g‘arb, shimoli-g‘arbdan janubi-sharqqa tomon yo‘nalgan.
Rabot yodgorligida o‘tkazilgan qazishma ishlari natijasida juda boy arxeologik topilmalar to‘plami qo‘lga kiritildi. Jumladan, qabrlarda sopol buyumlar, taqinchoqlar, qurol-aslahalar qayd etildi. Ularning turlarga bo‘linishi, davriy sanasi va qiyosiy tahlili bo‘yicha ishlar olib borildi. Sopol buyumlar to‘plamida ikki dastali ko‘zalarning va oynaxoi shaklidagi kichik hajmli ko‘zachalarning avvalgi tadqiqotlarga nisbatan ko‘p uchrashi, qadahlarning esa kamroq uchrashi kuzatildi.

Bu topilmalarning davri va xususiyatlari Shimoliy Baqtriya hududida o‘rganilgan Tulxar, Oriqtov va Boboshov yodgorliklari topilmalar bilan o‘xshashdir.

Berdimurodov A., Arziyev K., Van Jianxin