Jannatmakon
Jannatmakon Chust madaniyatiga oid manzilgohi bo‘lib, Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida joylashgan. Yodgorlik hozirda 0,25 gektar maydonda saqlangan. Manzilgoh madaniy qatlam qalinligi 4-6 m. gacha bo‘lgan va bu hol Chust madaniyati sohiblarining oxirgi taraqqiyot bosqichlarida ularning bir manzilgohda uzoq muddat istiqomat qilganini ko‘rsatadi. Joriy yilda asosiy qazuv ishlari 12×5 m maydonda shimoli-g‘arbdan janubi-sharqqa yo‘naltirilgan qazishmada olib borilib, qazishma 1,2-2 m chuqurlikkacha tushirildi.

Garchi me’moriy qoldiqlar yaxshi saqlanmagan bo‘lsada, qazishmada kulollar ustaxonasi ochilganini ko‘rish mumkin. Zero, qazishmaning boshidan qo‘lda yasalgan va bo‘yoq bilan qoplangan sopol parchalari ko‘plab topildi. Tepalikni sathidan 1-1,2 m chuqurlashgach, qazishmani shimoli-g‘arbiy yarmida 25 kv m maydonda 0,2-0,9 m qalinligidagi kul qatlami va uning ostida diametri 4-5 m. hamda balandligi 20 -30 sm bo‘lgan loy mahsulotidan bunyod etilgan (saqlanishi o‘ta yomon) konstruksiya ochildi. Uning janubi-sharqiy qismida diametri 40 va chuqurligi 20 sm li maxsus o‘ra (ehtimol suv idishi uchun?) qayd qilindi. Qazish jarayonida turli tosh qurollar, jumladan tosh o‘roqlar qo‘lga kiritilgan. Dala tadqiqoti davomida jami 1657 ta artefakt topilib, ular sopol idish parchalari (1643 ta) va tosh qurollar (14 ta)dan iborat. Jannatmakon (Chust madaniyati) va Sultonobod-1 (Sho‘raboshot madaniyati) yodgorliklaridan topilgan arxeologik butun sopol idishlar soni 25 ta bo‘lib, ular to‘liq ta’mirlandi. Shulardan 13 tasi (8 ta kosa, 3 ta tuvak, 1 ta jom, 1 ta likopcha, 1 ta ko‘za) Jannatmakon va 12 tasi (6 ta kosa, 3 ta ko‘za, 2 ta xurmacha) Sultonobod-3 ob’yektlariga tegishli.
Abdullayev B.

Sultonobod massivi yodgorliklari
Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Sultonobod (qazishma) va Sultonsupa (nazorat kuzatuv) yodgorliklarida arxeologik dala tadqiqotlari olib borildi.
Sultonsupa (koordinatlari: 40°46’8.29″S; 72°57’32.87″V) 2000 yil boshlarida fermer tomonidan o‘zlashtirilishi sababli hozirda1215 kv m maydonda va 7-15 m balandlikda noto‘g‘ri to‘rtburchak shaklida saqlangan. Yodgorlikning buzilishi 2012 yili muallif tomonidan Andijon viloyati yodgorliklarini qayd qilish vaqtida to‘xtatilgan. Antik davr arxitekturasini o‘rganish uchun Sultonsupa juda istiqbollik, ammo ko‘shkning xom g‘ishtdan ko‘tarilgan devorlari yer satxidan 2 -3 m balandda joylashganligi tufayli alohida tayyorgarlik zarur.
Ikkinchi yodgorliklar kompleksi. Dastlab yaxlit ko‘rinishga ega bo‘lgan Sultonobod yodgorligi hozirda to‘rtta aloxida tepaliklarga ajratilgan.

Jannatmakon– koordinatlari: 40°46’1.12″S; 72°58’19.72″V, Sultonobod-1 – koordinatlari: 40°46’0.85″S; 72°58’7.86″V, Sultonobod-2 – koordinatlari: 40°45’59.63″S; 72°57’57.29″V,
Sultonobod-3–koordinatlari: 40°46’3.31″S; 72°57’43.20″V). Tadqiqotlarga ko‘ra, g‘arbda joylashgan Sultonobod-3 yodgorligi (36113 kv m) hozirgi kunda qabristonga aylantirilgan bo‘lib, yangi qabr ochish vaqtida ko‘plab olov (o‘choq?) izlari va qo‘lda yasalgan bo‘yoq naqshli sopollar topilgan. Darhaqiqat, dastlabki nazorat davomida zamonaviy qabrlar ustidan ko‘plab arxeologik butun qadimiy idishlar va ularning parchalari topilgan. ya’ni, bu hududni Sho‘raboshot madaniyati sohiblarining qabristoni bo‘lgan, deb ta’kidlash mumkin. Sultonobod-2 – zamonaviy qabriston bo‘lib, maydoni 8207 kv. m. Bizning fikrimizcha, bu tepaliklardan sharqroqda joylashgan Sultonobod-1 (33154 kv m) faoliyati to‘xtatilgan zamonaviy qabriston bo‘lib, shu madaniyatga oid manzilgoh ekanligi ehtimoli katta. Sultonobod-3 ishlab turgan qabriston bo‘lganligi tufayli unda faqat stratigrafik nazorat shurfi (5x2x2 m.) solindi, biroq ikki dona sopol parchasidan boshqa narsa topilmadi, aniqlangan barcha butun va arxeologik butun idishlar ko‘tarma materiallardir.
Abdullayev B.

Xonobod
Andijon viloyati, Xonobod shahridagi Xonobod-1 yodgorligi Tyan-Shan tog‘ etaklaridagi adirliklar tizimida zamonaviy yer sathidan 10-15 m balandlikda joylashib dastlab 1,5 gektar maydonni egallagan, biroq o‘tgan asrning 90-yillari uning g‘arbiy qismi 12 yil davomida buzib borilgan.
Yodgorlik Eylaton madaniyatiga mansub bo‘lib, mil.avv. VII-III asrlar bilan sanaladi. Arxeologik dala tadqiqotlari yodgorlikda 2020 yildan A. Abdullayev tomonidan boshlangan.
2022-2023 yilllari tadqiqotlar innovasion amaliy loyiha asosida keng ko‘lamda olib borilib, 532 kv. m qazishma maydonida jami 21 ta qabr (13 tasi 2023 yili) ochib o‘rganildi.
Qazuv ishlari davomida quyidagilar qayd etildi.
1.Qazishmaning boshi va oxirida qo‘shaloq jasadli (9, 21) qabrlar ochilib, ulardagi jasadlar ketma-ket, ma’lum vaqtdan so‘ng ko‘milgan.
2.Eylaton madaniyatiga oid ushbu mozorda arxaik tipidagi (4, 9-qabrlar) g‘ujanak holda ko‘mish odatlari qayd etilgan.


- Qabrlar tayyorlash an’anasiga xos ravishda bunyod etilgan tosh qo‘rg‘on ostidagi qabrdan bronza pichoq topildi, biroq qabrda jasad izlari
mavjud emas; - Qabr usti maxsus tosh qo‘rg‘on bilan qoplangan qabr xonasi to‘ldirilishida tosh ishlatilmay faqat tuproq bilan ko‘milgan;
- Barcha topilgan qo‘lda yasab bo‘yoq bilan naqshlangan kosalar vodiyning g‘arbida o‘rganilgan Oqtom, So‘fon va Qo‘ng‘ay mozorlarida topilgan sopol inventarlardan farqli ravishda juda boy ornamentga ega.
- Topilmalar ichida10 ta butun qo‘lda yasalgan va bo‘yoq bilan naqshlangan(8 ta) hamda charxda tayyorlangan(2 ta) kosalar va68 ta sopol parchalari, bir necha o‘nlab ma’dan va shisha pastasidan tayyorlangan munchoqlar, 3 surmatosh, 1 jezdan ishlangan pichoq(dasta qismi saqlanmagan) qo‘lga kiritilgan.
Abdullayev B.

Quva

O‘rta asrlar yozma manbalarida Quva (Qubo) ilk marotaba VIII asrning 20- yillaridagi siyosiy voqealar bayoniga bag‘ishlangan xabarda tilga olinadi. Tabariy va Balamiy Quvani taxt vorisining qarorgohi sifatida qayd etishgan.
Yozma manbalarda qayd etilgan ushbu ko‘hna shahar hozirda Farg‘ona viloyati, Quva tumani markazida joylashgan bo‘lib, saqlanib qolgan umumiy maydoni 12 gektarni tashkil qiladi. Quva ham barcha o‘rta asr yozma manbalarida qayd etilgan yirik shaharlar qatori arki a’lo, shahriston va rabod qismlaridan iborat.
Dastlabki arxeologik qazishmalar 1956-1970 yillarda akademik Yahyo Gʻulomov rahbarligida olib borilgan. Keyingi qazuv tadqiqotlari 1998 yilda Ahmad al Farg‘oniy yubileyi munosabati bilan Samarqand arxeologiya instituti tomonidan keng ko‘lamli qazishmalar ko‘rinishida olib borilgan.
Joriy yilda Ya.Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti, O‘zR FA Milliy arxeologiya markazi xodimlari va Andijon davlat universiteti tarix fakulteti talabalaridan iborat Quva arxeologik guruhi tomonidan yodgorlikning ikki nuqtasida: shahriston va janubi-sharqiy darvoza qismida qazishma ishlari olib bordi.
Izlanishlar davomida shahriston qismida XI-XII asrlarga oid bo‘lgan turar joy xonasi, suv isitish va xo‘jalik uchun mo‘ljallangan o‘choqlar, xo‘jalik o‘ralari o‘rni ochildi. Xo‘jalik o‘ralaridan birida sopol buyumlar ostidan ko‘p miqdorda bug‘doy qoldiqlari aniqlandi. Bundan tashqari qazishmaning shimoli-sharqiy burchagidagi xona polida kul bilan birga shlak qoldiqlari hamda shisha idishlarning mayda parchalari qayd etildi.
Darvoza qismidagi tadqiqotlarda uning strukturasi, g‘ishtlarning o‘lchamlariga aniqlik kiritildi.
Matbabayev B., Raxmanov Z.




Mingtepa

Andijon viloyati Marhamat tumanidagi Mingtepa yodgorligi 2010 yildan boshlab Ya. Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti va Xitoy Xalq Respublikasining Ijtimoiy Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti tomonidan muntazam tadqiq etib kelinmoqda.
2023 yilda Mingtepa arxeologik yodgorligining janubiy devori oldida arxeologik qazish ishlari olib borildi. Arxeologik qazish ishlari ikkita transheyada amalga oshirildi. 1-transheya 2x10m, 2- transheya 3x19m o‘lchamda bo‘lib, 2016 yildagi R-20 ob’yektini qamrab oldi


1-transheya yer sathidan 2,30 sm chuqurlikga qadar qazilib, turli xil davrga oid madaniy qatlamlar kuzatildi. Jumladan, 11 metr chuqurlikda tosh yo‘lak topildi. Yo‘lak turli xil o‘lchamdagi toshlar bilan tekis qoplangan. Yo‘lakning hozirgi vaqtda 1,3-1,0 metr, uzunligi 5,4 metr qismi qayd etilib, uning ustki qismida singan yorg‘uchoqlar va hayvon suyaklari ham qayd etildi.
2-transheya ham tarkibiy jihatdan 1 transheyaga yaqin bo‘lib, bu yerda madaniy qatlamning qalinligi 2,60 m ni tashkil qiladi. Transheyalarda aniqlangan sopollar, yorg‘uchoq parchalari, topilmalar milodiy I-IV asrlar bilan sanalandi.
Matbabayev B., Ju Yangshi
Dalvarzin

Andijon viloyati, Jalaquduq tumani, Oyim qishlog‘i sharqiy qismida joylashgan bronza davriga oid Dalvarzin shahar xarobasida (mil. avvalgi XIV-VIII asrlar) qazuv ishlari O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi Ya. Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti va Yaponiyaning Kanazava universiteti Qadimgi sivilizatsiyalar va madaniy resurslari o‘rganish instituti tomonidan tashkil qilingan O‘zbekiston-Yaponiya halqaro ekspedisiyasi tomonidan 2018 yildan boshlab amalga oshirib kelinmoqda. Joriy yilda O‘zbekiston-Yaponiya halqaro ekspedisiyasi tomonidan qisqa muddatli (15 kun) qazishma ishlari olib borildi. Asosan o‘tgan yillar qazishmasi kengaytirildi
(Shurf- 9, 10, 11). Natijada, yuqori qatlamlar buzilgan joydan quyi qatlamlardan xo‘jalik o‘ralari aniqlandi. Mazkur o‘ralarni ichida tosh, kulollik idish bo‘laklari, turli xil hayvon suyaklari va boshqa topil-malar kuzatildi. Qayd qilingan topilmalar Dalvarzinni boshlang‘ich davri bilan davrlashtirildi.


Yodgorlikda olib borilgan izlanishlari natijasida qo‘lga kiritilgan hayvon suyaklari tahlili ularni katta yodgorliklar o‘rtasidagi hayvonlar turlari bilan farq qilishini ko‘rsatmoqda. Masalan, tuya suyaklari Chust yodgorligida uchramaydi, Dalvarzinda bor. Chust yodgorligi xo‘jaligi ko‘proq chorvador-dehqonlar tipiga kirishini ko‘rsatmoqda. Boshqa osteologik topilmalar ham turlarga ko‘ra, ma’lum tafovutni ko‘rsatmoqda.
Matboboyev B.X.

Farg‘ona tumani hududidagi qidiruv ishlari

Farg‘ona viloyati hududi asosan Farg‘ona vodiysining janubiy, janubi-g‘arbiy qismini egallagan hududlarda joylashgan bo‘lib, tabiiy-geografik jihatdan Oloy va qisman Turkiston tog‘ tizmalarining shimoliy etaklarida, shimolda esa asosan Qoraqalpoq va Yozyovon cho‘l-dashtlari bilan chegaralangan. Farg‘ona viloyati hududi janubiy tomondan oqib tushuvchi Isfayramsoy, Shoximardonsoy, So‘xsoy va Isfarasoy kabi suv manbalari bilan to‘yinadi. Viloyatning qadimgi davr arxeologik yodgorliklari ham ushbu soylarning yuqori, o‘rta va quyi oqimi havzalarida shakllangan va rivojlangan. Viloyat hududida XX asrning 70-yillari oxirida 153 ta arxeologik yodgorlik, 47 ta topilma joylar va tasodifiy topilmalar joylari aniqlangan bo‘lsa, 2013 yilda olib borilgan tadqiqotlarda 177 ta arxeologik yodgorlik qayd qilingan.


2023 yilda XXR Shimoli-Gʻarbiy universiteti va O‘zR FA Milliy arxeologiya markazi xodimlari bilan birgalikda Farg‘ona viloyatida qidiruv-tekshiruv ishlari davom ettirish, yodgorliklarni qayta ko‘rib chiqish, ularning joylashuvi hamda holati bo‘yicha ma’lumotlar bazasini yangilash va to‘ldirish ishlari amalga oshirildi.
Qidiruv-tekshiruv jarayonida viloyat hududida 2013 yilda qayd etilgan 177 arxeologik yodgorlikdan 170 tasi qayta ko‘rib chiqildi. Keyingi yillarda viloyatning chegara hududlaridagi o‘zgarishlar tufayli ilgari qayd etilgan yodgorliklardan So‘x tumani hududida So‘xsoyning yuqori oqimidagi yodgorliklarni qayta ko‘rish ishlari amalga oshirilmadi. Aksincha, 2013 yilda ko‘rish imkoni bo‘lmagan Isfayramsoyning o‘ng oqimi bo‘lgan Quvasoy soyining havzasida joylashgan Karkidon guruhi yodgorliklaridan hisoblangan Chun tepa va Mir Amir tepa kabi yodgorliklar qayta ko‘rildi. Shuningdek, 1980-1990 yillarda Arsif qishlog‘ida N. Gorbunova va G.P. Ivanovlar tomonidan qazib o‘rganilgan 7 dona mozor qo‘rg‘onlar atrofida yana 10 ga yaqin mozor qo‘rg‘on o‘rnilari mavjudligi qayd etildi. Qidiruv-tekshiruv jarayonida arxeologik yodgorliklar ustidan ko‘tarma materillar topilib, ularni davriy sanalarini aniqlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Saidov M., Raxmanov Z., Amonov S.