Respublikadagi mavjud arxeologik yodgorliklar axborot tizimi platformasini yaratish amaliy loyihasi
Respublikadagi mavjud arxeologik yodgorliklar axborot tizimi platformasini yaratish amaliy loyihasi 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan. Samarqand arxeologiya instituti tomonidan amalga oshirilayotgan loyihani asosiy vazifasi Respublikadagi mavjud arxeologik yodgorliklarga oid ma’lumotlarni jamlash va ularni platformaga kiritish hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasida arxeologik yodgorliklarni ro‘yxatga olish borasidagi dastlabki tadqiqotlar o‘tgan asrning 70-80- yillarida boshlangan bo‘lsada hozirga qadar yaxlit holatga kiritilmagan. O‘tgan vaqt mobaynida yangi yodgorliklarning topilishi, ayrimlarining buzilib ketishi, ular bilan bog‘langan aholi punktlarining nomlarini o‘zgarishi, aniq koordinatalari berilmaganligi hozirgi kunda ularni saqlash, muhofaza qilish, ilmiy o‘rganishda muammolarni keltirib chiqarmoqda. Yodgorliklarning soni, o‘rganilishi hamda ularning joylashuv geografiyasi ham viloyatlar kesimida bir-biridan farq qiladi. Bu esa masalaning naqadar miqyosi keng ekanligi va murakkabligini ko‘rsatadi.


Ushbu muammolarni bu borada yaxlit arxeologik yodgorliklarning ma’lumotlar bazasini shakllantirish orqali hal etish mumkin. Yaxlit platformaga jamlangan arxeologik yodgorliklarning axborot tizimidan kelajakda Madaniy meros agentligi va uning hududiy bo‘linmalari, kadastr, qurilish boshqarmalari, dala tadqiqotlari olib borayotgan ilmiy tashkilotlar, arxeologik yodgorliklarni saqlash va nazorat uchun ma’sul bo‘lgan madaniyat boshqarmalariga o‘z ishlarini rejalashtirishda va tezkor ma’lumotlar olishda foydalanishi mumkin.
Respublikadagi mavjud arxeologik yodgorliklar axborot tizimi platformasini yaratish respublika hududidagi mavjud arxeologik yodgorliklar asosida ma’muriy, tarixiy hududlar kesimida arxeologik xaritalar yaratish orqali ma’lum bir hududni antropogen landshaftini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda o‘troq dehqonchilik bilan shug‘ullangan xalqlarning chorvador ko‘chmanchi qabilalar bilan o‘zaro aloqalari turmush-tarzi, ulardan qolgan arxeologik yodgorliklarning joylashishlariga qarab aniqlandi, ilk sug‘orma dehqonchilik yo‘lga qo‘yilishi, daryolar va soylar havzalarining o‘zlashtirish jarayonlari, shahar va qishloqlarning davrlar bo‘yicha shakllanaishi va inqirozi masalalarini yechish, joylarda antropogen landshaftning shakllanishi, kengayishi, bazida esa ekologiya va tabiiy muhit ta’sirida o’zgarish jarayonlarini kuzatish mumkin bo’ladi.
Saidov M.
“Samarqandning madaniy turizm resuslarini rivojlantirish va salohiyatini oshirish
” O‘zbekiston-Koreya loyihasi (ODA (rasmiy rivojlanish ko‘magi))

Loyiha Koreya Respublikasi «Koreya madaniy meros fondi» va Madaniy meros agentligi Samarqand
arxeologiya instituti tomonidan ishlanayotgan bo‘lib, 2022-2026 yilga mo‘ljallangan.
Loyihaning asosiy vazifasi Samarqandning madaniy turizm resuslarini rivojlantirish va salohiyatini oshirishga hamda Samarqand arxeologiya institutida zamonaviy konservatsiya va restavratsiya laboratoriyasini rivojlantirishga qaratilgan.
Loyiha qiymati 3 mln 800 ming AQSH dollari. Loyiha doirasida quyidagilarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan:
Institutda konservatsiya restavratsiya markazini tashkil etish;
Qizlartepa yodgorligida qazuv ishlarini olib borish jarayonida zamonaviy tadqiqot usullarini qo‘llash;
Arxeologiya ob’yektlarning 3D o‘lchamlarini olish va bu bo‘yicha treninglar olib borish;
Samarqand madaniy merosi bo‘yicha ma’lumotlar bazasini yaratish.
Hozirgi kunda loyiha doirasida quyidagi ishlar amalga oshirildi:
Qizlartepa yodgorligida qazuv ishlari boshlanib, arxeologiya yodgorliklarda GPR, uchuvchisiz uchish qurilmalardan foydalanish bo‘yicha amaliy seminarlar tashkil etildi;
Samarqand viloyati Oqdaryo tumanining arxeologik yodgorliklar ma’lumotlar bazasi shakllantirildi;
Restavratsiya va konservatsiya yo‘nalishida qisqa va uzoq muddatli semnar treninglar tashkil qilindi;
Asbob-uskunalar ta’minotini amalga oshirildi.
Saidov M., Kim Mingdon


MEROS ( Mutual Engagement in a Rchae Ological heritage and Science)
loyihasi

MEROS (Mutual Engagement in aRchae Ological heritage and Science), ya’ni «Arxeologik meros va ilm fan yo’nalishidagi o‘zaro aloqadorlik» nomi bilan atalgan loyiha Samarqand arxeologiya instituti, Nara madaniy qadriyatlar milliy tadqiqot instituti (Yaponiya) va Markaziy Osiyo halqaro tadqiqotlar instituti (MISAI) birga tashkil qilingan bo‘lib
2022-2024 yillarga mo‘ljallangan.
Loyiha davomida Samarqand arxeologiya instituti yosh mutaxassislarini arxeologik materiallar, qadimiy o‘simlik va hayvon qoldiqlarini aniq va tabiiy fanlar yordamida tahlil qilish, arxeologik topilmalarni restavratsiya va konservatsiya qilish borasida malakasini oshirish ko‘zda tutilgan.
2023 yilda loyiha doirasida Institut hamda Samarqand davlat universiteti, O‘zR FA Milliy arxeologiya markazi yosh xodimlaridan 10 nafari Yaponiyaning bir qator ilmiy markazlarida malaka oshirishdi. Xususan, tashrif davomida dendoxrono-logiya zooarxeologiya, organik materiallarni tahlil qilish laboratoriyalari va ularda olib borilayotgan izlanishlar bilan tanishildi. Safar davomida Teykyo universiteti, Tokio madaniy meros tadqiqotlar instituti, Tokio milliy muzeylarining fanlararo tadqiqotlar, restavratsiya va konservasiya yo‘nalishidagi laboratoriyalariga tashrif buyurildi.
Bundan tashqari Yaponiyadan kelgan mutaxassislar O‘zbekistonda bir qator amaliy seminar mashg‘ulotlarnii o‘tkazishdi. Jumladan, «Ranglarni o‘lchash va tahlil qilish» va «Topilmalarni saqlash muhiti» mavzusida Nara madaniy meros institutidan (Yaponiya) Shinya Shoda va Natsuki Murakamilar bir necha kunlik amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishdi.
2023 yil oktyabr oyidagi amaliy mashg‘ulotlarda arxeozoologiya hamda lipid tahlil bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilib yosh mutaxassislarni malakasi oshirildi.
Saidov M., Shinya Shoda

QALAM loyihasi

QALAM (shumer tilida «mamlakat» degan ma’noni bildiruvchi so‘z, shuningdek, arab tilida «so‘zlash» degan ma’noni anglatadi) loyihasi Iroq va O‘zbekistondagi arxeologik landshaftlarni tahlil qilish, muhofaza qilish va rivojlantirishning samarali usullari va protokollarini ishlab chiqish, arxeologik landshaftlarni hujjatlashtirish va boshqarish bo‘yicha yangi amaliyotlar orqali tahlil qilish va tushunishga qaratilgan.
Loyihaning O‘zbekiston bo‘yicha qismi 2021 yilda Bolonya universiteti va O‘zR FA Milliy arxeologiya markazi tomonidan Samarqand arxeologiya instituti va Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti (MISAI) ko‘magida boshlangan bo‘lib, 4 yilga mo‘ljallangan. Loyiha doirasida Samarqand viloyatidagi Kofirqala va Surxondaryo viloyatidagi Pashxurt yodgorliklarida turistik parklarni yaratish maqsad qilib qo‘yilgan.
Qayd etish lozimki, Kofirqala yodgorligida so‘nggi 30 yil davomida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar uni Samarqand hukmdorlarining shahar tashqarisidagi qarorgohi Rivdat ekanligi asoslab berildi. Yodgorlikni jahon tarixi va moddiy madaniyatidagi o‘rni hisobga olingan holda Kofirqal’a 2023 yil 10-sentyabrda Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon merosi qo‘mitasi sessiyasida YUNESKOning «Ipak yo‘llari Zarafshon-Qoraqum yo‘lagi» Butunjahon merosining tarkibiy qismi sifatida ro‘yxatga olindi.
Yodgorlikning joylashuvi, monumental me’morchiligi va tarixiy ahamiyati tufayli ushbu yodgorlikni mahalliy va xalqaro sayyohlar uchun ommalashtirish maqsadida birinchi Arxeologik parkini yaratish rejasi ishlab chiqildi.
Hozirgi vaqtda QALAM jamoasi ikkita dolzarb yo‘nalishda izlanish olib bormoqda:
Birinchi yo‘nalish: Arxeologik parkni loyihalash. Bunda yodgorlikning kirish kompleksida to‘xtash joyi, tashrif buyuruvchilar markazi shu vaqtgacha ochilgan qazishmalarni ustini yopish va ularni ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish ko‘zda tutilgan.
Ikkinchi yo‘nalish: Loyihani YUNESKOning (2023) Butunjahon merosi konvensiyasini (110, 118 va172-modda) amalga oshirish bo‘yicha Operasion yo‘riqnomalariga muvofiq, MISAI tomonidan o‘tkaziladigan landshaft va arxitektura dizaynining merosga ta’sirini baholashni tayyorlash uchun ekspertizadan o‘tka-zish hisoblanadi.
Berdimurodov A., Simone Mantellini
