JANUBIY SUG’D ARXEOLOGIK EKSPEDISIYASI

Xo‘ja Ravshan

Xo‘ja Ravshan yodgorligi Qashqadaryo viloyati Muborak tumani markazi bo‘lgan Muborak shahridan 5,5 km sharqda, Xo‘ja Ravshan qabristoni atrofida joylashgan. Yodgorlik bir necha o‘nlab turlicha topografik ko‘rinishlarga va xususiyatlarga ega bo‘lgan bir necha o‘nlab katta-kichik tepaliklarning jamlanmasidan iborat bo‘lib, hozircha ularning aniq soni va yodgorlikning umumiy maydoni hajmi ma’lum emas. Ushbu mayda tepaliklar majmuasi bu hududda mavjud bo‘lgan qishloq uylarining qoldiqlaridir.
Yodgorlikda dastlabki qazuv ishlari 2023 yilda boshlanib, 2 ta joyda amalga oshirildi.
Arxeologik tadqiqotlar 1- va 2-qazishmalarda olib borildi. Xo‘ja Ravshan yodgorligi oddiy aholi vakillari istiqomat qilgan uch xonali uyning qoldiqlari to‘laligicha ochib o‘rganildi. Xonalardan birida tandir, yana boshqalarida uchta o‘choq qoldiqlari mavjud. Qazishmalar jarayonida boy moddiy madaniyat namunalari bo‘lgan sirlangan va sirlanmagan kulollik idishlari, temirdan yasalgan mixlar, pichoqlar, poynaklar va boshqa topilmalar qo‘lga kiritildi. Topilmalar orasida sopoldan yasalgan va sirlangan siyohdon ham topildi.
2-qazishmada esa bir xonali uyning qoldiqlari topildi. Uyning o‘rtasida, xona poli ustida tashnov mavjud bo‘lganligi aniqlandi. Bu xona tahoratxona vazifasini bajargan bo‘lishi mumkin. Qazishmaning yuqori qatlamlarida katta miqdorda ganch namunalari ham qo‘lga kiritildi.
Olib borilgan arxeologik qazishmalarda temuriylar davriga oid bo‘lgan o‘ndan ortiq tangalar ham
topildi. Tangalar Xo‘ja Ravshan yodgorligining aynan temuriylar davrida faoliyat yurgizganligini
ko‘rsatadi.
Xo‘ja Ravshan yodgorligida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar O‘zbekiston arxeologiyasi fanida shu paytgacha o‘rganilmagan ilmiy muammo temuriylar davri qishloqlarining o‘ziga xos xususiyatlarini, moddiy madaniyatining shu paytgacha noma’lum bo‘lib kelgan jihatlarini oydinlashtiradi.

Raimqulov A.A., Abdurahimov S.O‘., Omonov D.S.

Xo‘ja Buzruktepa

Xo‘ja Buzruktepa yodgorligi Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumani Botash mahallasining sharqiy hududida joylashgan bo‘lib, yodgorlikda qazuv tadqiqotlari reja asosida olib borildi. Yodgorlik arxeolog olima S.B.Lunina tomonidan o‘rta asr yozma manbalarida tilga olingan Iskifag‘n shahri bilan lokalizatsiya qilingan.
Xo‘ja Buzruktepa yodgorligining markaziy qismida, ko‘rinishi aylana shaklda, o‘lchamlari diametri 70 m, balandligi 18 m ga teng alohida tepalik(ark) joylashgan. Ushbu tepalikda qazuv tadqiqotlari dastlab 6×6 m o‘lchamda, so‘ngra aniqlangan devor qoldiqlari hamda tik ko‘rinishda bo‘lgan xom g‘ishtdan yoysimon qilib terilgan, minora, deb taxmin qilingan devorning yon tomonlarini ochish maqsadida qazuv maydoni 10×10 m o‘lchamga olib kengaytirildi.


Qazuv tadqiqotlari jarayonida taxminan 70 sm chuqurlikdan boshlab, XIX asrning oxiri XX asrning boshlariga oid qabrlarga duch kelindi. Qabrlar o‘rganilib, so‘ngra qazuv ishlari pastga qarab davom ettirildi.
Ish davomida qazishmaning shimoliy qismida bir qator turar joy qoldiqlari qayd etildi. Ayrim xonalalarda yon atroflariga pishgan g‘isht terilgan o‘choqlar kuzatildi. Bundan tashqari qazishmaning sharqiy tomonida alohida joylashgan xona devorining bir qismi borligi, sharqqa tomon davom etayotganligi aniqlandi.
Qazuv ishlari davomida aniqlangan o‘choq, devor qoldiqlari va olingan arxeologik ashyolar asosida tepalikning yuqori qatlamlari XI-XII asrlarga oid, degan fikrga kelindi.

Suyunov S., Abduraxmonov S.

Yerqo‘rg‘on

2023 yilning sentyabr-oktyabr oylarida Samarqand arxeologiya institutining Yerqo‘rg‘on arxeologiya guruhi Qashqadaryo viloyati Koson tumani hududida joylashgan Yerqo‘rg‘on shahar yodgorligida arxeologik qazishma ishlarini olib bordi. Qazishmalar qadimiy shahar mudofaa devorlari yaqinida, shaharning janubi-sharqiy darvozasi yaqinida joylashgan aylana shaklidagi tepalikda o‘tkazildi. Tepalikning diametri 17-20 m, balandligi 3,5-4 m. Olib borilgan arxeologik qazishmalar ayvonsimon ko‘rinishdagi imoratning bir qismini ochib o‘rganish bilan yakunlandi. Imoratning uzunligi 11 m, eni esa 7-8 metrni tashkil qiladi. Ayvon sharq tomonga, shaharning janubi-sharqiy darvozasiga qarata bunyod etilgan. Qazishmaning sharq tomonida uchta yonma-yon joylashgan, marmardan yo‘nilgan ustunlar tagliklari ham mavjud bo‘lib, ular imoratning yog‘och ustunlarini ko‘tarib turgan. Ayvonning devorlari 1,20-1,30 m qalinlikda bo‘lib, tomonlari 43x43x10 sm o‘lchamdagi xom g‘ishtlardan bunyod etilgan. Devorlarning saqlanish balandligi o‘rtacha 70-80 sm.


Ayvonning asosiy devorining g‘arb tomonida qayd qilingan devorlar bu yerda yana bir necha xonalar mavjudligini ko‘rsatadi. Ayvonning o‘rtasida o‘sha xonalarga o‘tadigan kirish joyi bo‘lgan, lekin bu kirish joyi hozircha ochilgani yo‘q. Ayvonning janubiy devori orqasida ikkita yonma-yon turgan xum ham topildi.
Ayvonning ichki devorlari yuzalarida oq rangli ganch bilan suvalgan yuzaga chizilgan devoriy suratlar parchalari saqlanib qolgan. Lekin ularning qancha miqdorda saqlanganligi noma’lum, chunki ular hali ochilgani yo‘q.
Oldi ayvonli bu imoratning qanday vazifani bajarganligi haqida hozircha biron-bir xulosaga kelish mushkul. Kelasi yilda ayvonning orqasidagi xonalarni ochib, ushbu savolga javob berish mumkin.
Olib borilgan arxeologik qazishma ishlari davrida ko‘plab sopol idishlar bo‘laklari, temir buyumlar parchalari va bir dona mis tanga topildi. Topilgan sopol buyumlar yordamida ushbu imoratning qurilgan davrini III-IV asrlar bilan sanalash mumkin.

Raimkulov A., Abduraxmonov S., Xolboyev Z.

Qoratepa yodgorligi

Qoratepa yodgorligi Qashqadaryo viloyati, Ko‘kdala tumanidagi Harduri mahallasida joylashgan. Yodgorlik ark, shahriston va rabod qismlaridan iborat bo‘lib, umumiy maydoni 50 gektarga yaqin. Ark yodgorlikning markaziy qismida joylashgan bo‘lib, tarhi to‘g‘ri to‘rtburchak shaklda, tomonlari 140×110 m, balandligi esa 15 m. Yodgorlik yaqinidan qadimiy Eski Anhor arig‘i oqib o‘tadi. Dastlabki tadqiqotlar 2000 yillarda O‘zbekiston Milliy universiteti olimlari tomonidan olib borilgan.
Joriy yilda Qoratepa arkining shimoli-sharqiy qismida planigrafik va stratigrafik qazishma ishlari olib borildi. Jumladan, arkining shimoli -sharqiy qismida joylashgan 4-qazishmada (7×9 m) turar joy xonasi ochib o‘rganildi. Devorlari xom g‘ishtdan ko‘tarilgan xona ichida diametri 50-52 sm bo‘lgan tandir o‘rni hamda XI-XII asrga mansub sopol idishlar qoldiqlari qayd etildi.
5-qazishma 6-qazishmaning shimoli– sharqiy tomnida qazilgan bo‘lib, bunda yodgorlikning qurilish davrini aniqlash maqsadida stratigrafik shurf tashlandi. Shurfning o‘lchami 3×13 m bo‘lib, chuqurligi 11 m.gacha davom ettirildi. Qazish ishlari davomida stratigrafik madaniy qatlamlar orasidan uchta qurilish davri kuzatildi.


Birinchi qurilish davri baland platforma ustiga qurilgan paxsali devor bilan bog‘liq bo‘lib, topilgan sopol idishlar asosida V-VI asrlar bilan davrlandi.
Ikkinchi qurilish davri VII-VIII asrlarga oid bo‘lib, stratigrafik kesmada 50-52×25-26×8-9 sm o‘lchamdagi xom g‘ishtdan ko‘tarilgan xona devori bilan bog‘liq. Shuningdek, ushbu qurilish davrida qalinligi 3-14 sm bo‘lgan yong‘in izlari ham qayd etildi.
Uchinchi qurilish davri esa sopol idishlar asosidaI X-XII asrlar bilan davrlashtirildi.

Saidov M., Sandiboyev A. Xujamov S.

Xazor Buqo

Xazor Buqo yodgorliklar majmuasi Qashqadaryo viloyati, Ko‘kdala tumani, Taloqtepa qishlog‘ida joylashgan. Mazkur yodgorlik majmuasi 6 ta bo‘lib, bir – biriga yaqin joyda joylashgan, tarhi kvadrat va to‘g‘ri to‘rtburchakshakldadir. Yodgorlik arki tepaliklar majmuasining markaziy qismda joylashgan bo‘lib, uning tarhi kvadrat shaklda, tomonlari 130×130 m., balandligi esa 9 m.
Xazor Buqo tarixiy shaxs nomi bo‘lib, u Chingizxonning o‘g‘li Ugedey hukmronligi davrida Qarshi shahri dorug‘asi (hokimi) bo‘lgan va Xazor Buqo shahar hokimi lavozimida ishlagan. U shaharda emas, balki undan ma’lum masofada cho‘lda bunyod etilgan qarorgohida, ehtimol hozirgi Xazor Buqo yodgorligi atrofida yashagan.
Yuqoridagi taxminlarni aniqlash, yodgorlik stratigrafiyasiga aniqlik kiritish maqsadida joriy yilda yodgorlikda dastlabki qazuv ishlari olib borildi. Qazuv ishlari yodgorlikning markaziy qismida joylashgan arkning shimoli-sharqiy burchagida tashlanib, o‘lchami 3×16 m, chuqurligi esa 9,5 m. ni tashkil etdi.

Stratigrafik shurf qatlamlaridan ma’lum bo‘lishicha, yodgorlik ilk o‘rta asrlarda baland paxsali platforma ustiga qurilgan. Platforma yuzasida paxsa bloklardan ko‘tarilgan xona devorlari qayd etiladi. Devorlar bir necha qurilish bosqichlarini o‘z ichiga olgan bo‘lib, bu holat devorlarni ta’mirlanishi hamda xona pollarini ko‘tarilishi misolida namoyon bo‘ladi.
Stratigrafik shurfda ilk o‘rta asrlardan XIII asr boshlariga qadar madaniy qatlamlar kuzatilib ular orasida uchta yirik yong‘in izlari kuzatiladi.
Birinchi, yong‘in izlari VII-VIII asrlarga oid bo‘lib, arablar xujumi bilan bog‘lanadi. Ikkinchi talofat izlari X-XI asrlar, uchinchisi esa mug‘ullar bosqini- XIII asr boshlari bilan davrlanadi.

Raimqulov A., Xujamov S., Sandiboyev A.

Qashqadaryo viloyatidagi dala qidiruv ishlari


O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 485-son qaroriga ko‘ra Ya. Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya institutining asosiy vazifalardan biri Respublika hududida arxeologik yodgorliklarni aniqlash, arxeologik tadqiqotlar olib borish, xaritaga tushirish va ilmiy muomalaga kiritish hisoblanadi.
Shu munosabat bilan 2023 yilda Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumani hududidagi yodgorliklarni aniqlash, xaritalashtirish maqsadida dala qidiruv ishlari o‘tkazildi.
Qidiruv davomida 9 ta antik va o‘rta asr davriga oid yodgorliklar qayta xatlovdan o‘tkazildi. Jumladan, Qoratepa, Xazor Buqo, Yapaloqtepa, Taloqtepa, Sariqtepa, Suyritepa, Ayritom, Ayritom-2, Mozorqo‘rg‘on arxeologik yodgorliklari va Uch gumbaz nomli arxitektura inshooti ro‘yxatga olindi va ularning tavsif bayoni tuzildi.

Bundan tashqari Sariqtepa yodgorligining janubiy hududidan neolit davriga tegishli tosh buyumlar aniqlandi. Tosh buyumlar juda kamchilikni tashkil qilsada, lekin ishlanish texnikasi va xom ashyosiga ko‘ra, Sazag‘an yodgorligi materiallarga o‘xshash. Texnik tipologik belgillariga ko‘ra, uchirindi va nukleus kabilar uchraydi.

Imomov A., Amonov S., Kandaxarov I., Tursunqulov F.