
Ma’lumot uchun.
“Nurobod – qadimiy maskan” nomli to‘plam (mualliflar jamoasi) hozirgi Nurobod tumani hududida joylashgan arxeologik obyektlarda olib borilgan tadqiqotlar natijalarini umumlashtiradi. To‘plamda eng qadimgi davrlardan to so‘nggi o‘rta asrlargacha bo‘lgan tarixiy bosqichlarga oid yodgorliklar qamrab olingan.

Mazkur nashrda hududning tabiiy-geografik sharoiti, qadimgi aholi manzilgohlari, qishloq va shahar tipidagi maskanlar, mudofaa inshootlari, sug‘orish tizimlari hamda moddiy madaniyat namunalariga oid ma’lumotlar tizimli ravishda yoritilgan. Arxeologik topilmalar asosida Nurobod vohasida aholi joylashuvi va xo‘jalik faoliyatining uzluksiz rivojlanish jarayoni ilmiy jihatdan tahlil qilingan.
To‘plam Nurobod tumani hududining tarixiy-arxeologik manzarasini qayta tiklash, mintaqaning Markaziy Osiyo tarixidagi o‘rni va ahamiyatini aniqlashda muhim ilmiy manba hisoblanadi.
