Fransiyada O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan ilmiy konferensiya tashkil etiladi.
Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi 2023-yilning 16–17-yanvar kunlari “O‘zbekiston vohalarining mo‘jizalari. Karvon yoʻllari chorrahasida” nomli O‘zbekiston merosiga oid ilk ko‘rgazmaning madaniy dasturi doirasida Luvr muzeyi va College de Franceda ilmiy konferensiya tashkil etadi.
Luvr muzeyi va College de France bilan hamkorlikda uyushtiriladigan va Luvrda namoyish etilayotgan O‘zbekiston muzey osori atiqalariga bag‘ishlangan anjumanda qatnashish uchun O‘zbekiston, Fransiya va boshqa mamlakatlarning yetakchi olimlari jalb etilgan. Konferensiyada O‘zbekiston tomonidan qator olimlar: Bahrom Abduhalimov, Gennadiy Bogomolov, Jangar Ilyosov, Saida Ilyosova hamda Shokir Pidayev so‘zga chiqib, ular o‘z ma’ruzalarida ko‘rgazmalar qamrab olgan davrlar mobaynida tarix shakllanishidagi ahamiyatga molik bosqichlar haqida hikoya qilib beradilar.