Urgut tumani, Jo‘rabtepa mahallasida joylashgan Qo‘rg‘ontepa yodgorligida ilk o‘rta asrlarga oid bo‘lgan ibodatxona o‘rni topildi.

Uncategorized

Ushbu ibodatxona tarhi to‘g‘ri to‘rtburchak shaklda bo‘lib, devorlarning saqlanib qolgan balandligi 3 m. Xonaga 5 ta eshik orqali kirish mumkin. Xona to‘rida taxt-supa, uning to‘rt tomonida ustun o‘rinlari joylashgan.

Хona devorlari diniy mavzudagi suratlar bilan bezatilgan bo‘lib, saqlanib qolingan tasvirlar orasida yuzi ovalsimon, quloq va qo‘llari esa zebu-ziynatlarga boy bo‘lgan ma’budaning tasviri mavjud. Uning boshida ilk o‘rta asrlar So‘g‘d san’atida ko‘p uchraydigan qanotli, ustki qubbasi yarim oy shaklda bo‘lgan toj tasviri mavjud. Shuni ta’kidlash joizki, xonada aniqlanayotgan devoriy surat parchalari orasida bunday toj va personaj tasvirlarining turli parchalari aniqlanmoqda, qaysinkim mazkur ibodatxonaning devorlarida yuqorida qayd etilgan ma’buda tasviri yagona bo‘lmagani, balki bunday ilohlar tasvirlari xonaning barcha devorlarida tasvirlanganidan dalolat beradi.

Bundan tashqari, ibodaxona devorlarida tokchalar ham mavjud bo‘lib, ulardan birining ichida loydan yasalgan haykalning qo‘l hamda oyoq qismlari topildi. Arxeologlarning qayd etishicha ibodatxona VII-VIII asrlarda
faoliyat yuritgan, ammo 712 yilda Qutayba ibn Muslim boshchiligidagi arablarning Samarqandga qilgan yurishlari natijasida yoqib yuborilgan.

Shuni ta’kidlash zarurki, islomgacha bo‘lgan davr devoriy surat va haykaltaroshlik namunalari O‘zbekiston hududida yaqin bir necha o‘n yillikda aniqlanmagan edi va shu sababdan ham Qo‘rg‘ontepa yodgorligida aniqlangan bunday san’at namunalari juda katta ahamiyatga molik.

Hozirda ushbu joyda arxeologik qazuv tadqiqotlari, devoriy suratlarni saqlash, ulardan nusxa ko‘chirish va yechib olish jarayonlari davom etmoqda.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *